TOShKENT, 25 okt — Sputnik. 2-noyabr kuni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Dmitriy Medvedev bilan ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qiladi.
Muhokamalardan savdo-iqtisodiy, investitsiya, energetika, sanoat va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalari o‘rin olgan. Bundan tashqari, hamkorlikdagi yirik infrastrukturaviy va yuqori texnologik loyihalarning amalga oshirilish jarayoni ko‘rib chiqiladi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil aprelda Rossiyaga tashrifi doirasida imzolangan kelishuvlarning amaliy jihatlariga alohida e’tibor qaratiladi.
Shuningdek, Dmitriy Medvedevning Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashishi ham rejalashtirilgan, deb xabar bermoqda Rossiya hukumati matbuot xizmati.
Dmitriy Medvedev 3-noyabr kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlatlari hukumat rahbarlari kengashi yig‘ilishida ishtirok etadi.