TOShKENT, 26 okt — Sputnik. O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida yuk tashishni amalga oshirish bo‘yicha hech qanday muammo yo‘q, dedi Sputnik muxbiriga O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi boshlig‘i o‘rinbosari Shoalim Shovahobov.
Ilgariroq Qozog‘iston OAV mamlakat investitsiyalar va taraqqiyot vazirligi rasmiy vakili Murat Jumanbayevga tayanib 150dan ortiq Qozog‘iston avtotransport vositalari qozoq-o‘zbek chegarasidagi o‘tkazuv punktlaridan birida to‘planib qolganligi haqida xabar tarqatgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 40ta avtomobilda uchinchi mamlakat hududiga yuk olib o‘tish uchun chegarani kesib o‘tish maxsus blankalari bo‘lmagan.
"O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida xalqaro avtomobil tashuvlari to‘g‘risida ikki tomonlama kelishuv imzolangan. Ushbu kelishuvga muvofiq, ikki davlat o‘rtasidagi va ular hududi bo‘ylab tranzit tashuvlar ruxsatnomasiz asosda amalga oshiriladi. Qozog‘istondan O‘zbekistonga yoki aksincha yuk tashuvlarni amalga oshirishda hech qanday muammo yo‘q. Shuningdek, avtotransport vositalarining ushbu hududlar orqali tranzit harakatida ham hech qanday muammo mavjud emas", — dedi Shoalim Shovahobov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yuklarni uchinchi mamlakatga/dan olib o‘tish ruxsat blankalari asosida amalga oshiriladi.
"Joriy yil uchun O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi hamda Qozog‘istonning tegishli organi bilan 1200 dona ruxsat blankalari almashilgan. Bugungi kunga kelib Qozog‘iston tomoni 700ga yaqin blankadan foydalangan. Shunday ekan, blankalar yil oxiriga qadar yetadi", — dedi suhbatdosh.
Ushbu vaziyat bilan bog‘liq shov-shuvlarni esa qonunga rioya qilmaydigan yuk tashuvchilar keltirib chiqarmoqda.
Shunday holatlar ham borki, dedi Shovahobov, ayrim yuk tashuvchilar qo‘lida ruxsat blankalari bo‘lmagan holda chegaraga kelishadi va ularni O‘zbekistonga o‘tkazib yuborishlarini talab qilishadi.
"Biroq, qonunchilikka ko‘ra, uchinchi davlatdan/ga respublika hududiga yuk bilan kirish chog‘ida majburiy tartibda ruxsat blankalari rasmiylashtirilishi shart", — deb ta’kidladi agentlik boshlig‘i o‘rinbosari.