TOShKENT, 25 okt – Sputnik. Bugun O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya prezidenti Tayyip Erdo‘g‘onning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan Turkiyaga jo‘nab ketdi, deb xabar qilmoqda prezident matbuot xizmati.
Xabarda aytilishiga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev Anqarada oliy darajadagi muzokaralarda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya va boshqa sohalardagi hamkorlikni kengaytirish, global hamda mintaqaviy tahdid va xatarlarga qarshi birgalikda kurashish masalalarini muhokama qiladi hamda xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashadi.
O‘zbekiston delegatsiyasi, shuningdek, Istanbul shahriga ham tashrif buyuradi.
Tashrif yakunlari bo‘yicha davlat rahbarlarining Qo‘shma bayonoti qabul qilinishi, turli sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish, jumladan, O‘zbekiston va Turkiya ishbilarmon doiralari o‘rtasida o‘zaro manfaatli aloqalar uchun qulay sharoitlar yaratish, sayyohlar almashinuvi va madaniy-gumanitar aloqalarni faollashtirishga qaratilgan ko‘plab hukumatlararo va idoralararo hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan.