TOShKENT, 25 okt — Sputnik. O‘zbekistondagi qishloq xo‘jaligi sohasidagi oliy o‘quv yurtlari rahbarlaridan tashkil topgan Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi delegatsiyasi 23-oktabrdan 1-noyabrgacha AQShda tashrif bilan bo‘ladi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarda bildirilishicha, delegatsiya tarkibidan Toshkent davlat agrar universiteti va Andijon qishloq xo‘jalik instituti rektorlari, shuningdek, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti va Samarqand qishloq xo‘jalik instituti rahbariyati o‘rin olgan.
Tashrifdan maqsad Amerikaning ilg‘or texnologiyalari va innovatsiyalarini mamlakat agrosanoat majmuasiga joriy etish sohasida O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, universitetlararo o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdir.
O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, tashrif doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi Vashingtonda bir qator uchrashuvlar o‘tkazishi ko‘zda tutilgan.
AQSh Qishloq xo‘jaligi vazirligida bo‘lib o‘tadigan muzokaralarda O‘zbekiston delegatsiyasi qishloq xo‘jaligiga Amerika sarmoyalarini jalb qilish, ushbu sohadagi mutaxassislarning o‘zaro tashriflarini tashkil etish, o‘zbek qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini AQShga yetkazib berish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, innovatsion va amaliy qishloq xo‘jaligi fani sohasidagi o‘zaro hamkorlikni chuqurlashtirish masalalarini muhokama qiladi.
Delegatsiya shuningdek, Michigan shtati universiteti va Ogayo shtati universitetiga tashrif buyuradi. Tashriflar doirasida universitetlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.