TOShKENT, 23 okt — Sputnik. Toshkentda uch nafar Bangladesh fuqarosiga nisbatan bosqinchilik sodir etildi, deb xabar berdi Sputnik muxbiri.
"22 oktabr kuni taxminan soat 01:00 larda Dildora Rustamova, Farhod Jomalov va uch nafar noma’lum shaxslar bosqinchilik yo‘li bilan o‘zganing mol-mulkini talon-toroj qilish maqsadida uch nafar Bangladesh Xalq Respublikasi fuqarolariga hujum qilishgan", — deb ma’lum qildi Toshkent ShIBB matbuot xizmati.
Jinoyatchilar xorijliklarni pichoq bilan qo‘rqitib, ularga tegishli bo‘lgan jami bahosi 4400 dollar bo‘lgan mol- mulklari, shuningdek 700 dollar va 500 ming so‘m miqdoridagi pullarini egallab olib, jinoyat joyidan yashiringanlar.
Mazkur holat yuzasidan Chilonzor tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 164-moddasi 2-qismi "b,v" bandi (bosqinchilik, ya’ni bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, ancha miqdordagi o‘zganing mulkini talon-toroj qilish maqsadida hujum qilish) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilib, ularning boshqa jinoyatlarga aloqadorliklari tekshirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, bir necha kun oldin Toshkent shahri Mirobod tumanida Zuhriddin Hasanov ismli shaxs Janubiy Koreya fuqarosini tunagandi.