TOShKENT, 23 okt — Sputnik. Toshkentda 24-oktabr kuni ipakchilikka bag‘ishlangan yirik ilmiy texnik konferensiya bo‘lib o‘tadi, deb xabar qilmoqda Sputnik muxbiri.
O‘zbekiston Ipakchilik institutining 90 yilligiga bag‘ishlangan tadbirning asosiy mavzusi sifatli va raqobatbardosh xom-ashyo ishlab chiqarish bo‘ladi.
Ushbu tadbir o‘tkazishdan asosiy maqsad – ilmiy jamoalar va ipak yetishtiruvchilar orasida mustahkam aloqalar o‘rnatish va ipak qurti va tut ko‘chatlari sifatini oshirish, pillani qayta ishlash jarayonini chuqurlashtirish va chiqindisiz mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishdir.
Tashkilotchilar xabariga ko‘ra, forumda Yaponiya, Hindiston, Ozarbayjon, Xitoylik mutaxassislar, shuningdek dunyoning yetakchi pillachilik korxonalari vakillari ham ishtirok etishadi.
Forumda, shuningdek, “O‘zbekipaksanoat” bilan hamkorlik qilayotgan va birgalikda qo‘shma korxona tashkil qilgan kompaniya vakillari him ishtirok etishadi. Ular orasida Silk expert proceeding, Samarkand Tian Zhu Silk Worm, Huashen Silkworm Pro, Andijan Silk Co va boshqalar bor.
Ipak matolardan tikilgan o‘zbek milliy liboslar namoyishi Forumning bezagi bo‘lishi kutilmoqda.