TOShKENT, 21 okt — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti toshkentlik 11 yoshli Javohir Sindorovga Macbook sovg‘a qildi, deb xabar berdi Sputnik muxbiri.
Javohirga prezident sovg‘asi uning shaxmat olamidagi muvaffaqiyatlari munosabati bilan topshirildi – u yaqinda xalqaro shaxmat ustasi unvonini oldi. Hozirda Javohir 2005-yilda tug‘ilgan o‘smirlar o‘rtasida jahon reytingida ikkinchi o‘rinni egallab turibdi.
Javohir to‘rt yarim yoshidan buyon shaxmat bilan shug‘ullanib keladi. U 2012-yil Hindistonda maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida oltin va kumush medallarga sazovor bo‘ldi, 2013-yil Eronda shaxmat bo‘yicha 18 yoshgacha o‘g‘il-qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Bir yildan so‘ng u maktab o‘quvchilari o‘rtasida shaxmatning rapid va blis yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkazilgan jahon chempionatida biryo‘la ikkita oltin medalni qo‘lga kiritdi. Braziliyada maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan shaxmat bo‘yicha jahon chempionatida ham oltin medal qo‘lga kiritildi. 2015-yil Tailandda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida yana shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.
O‘tgan yili u Rossiyada o‘tkazilgan maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi jahon chempionatida kumush medal bilan taqdirlandi, 2017-yilda esa 8-18 yoshgacha o‘g‘il-qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida ikkita oltin medalni qo‘lga kiritdi.