TOShKENT, 20 okt — Sputnik. O‘zbekiston qo‘shin razvedkasi vakillari Buyuk Britaniyaning Brekon shahrida bo‘lib o‘tgan "Kembriya patruli" xalqaro tanlovida ikkinchi o‘rinni olishdi.
Mudofaa vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, O‘zbekiston vakillari 29 davlatdan kelgan 139 jamoa ishtirokidagi tanlovda ilk bor qatnashishdi. Mazkur tanlov 40-yildan buyon o‘tkazib kelinadi.
"Kembriya patruli" tanlovi eng qiyin va nufuzli musobaqa sanalib, unda harbiy xizmatchilarning jismoniy tayyorgarligiga alohida e’tibor qaratilishi tufayli uni maxsus bo‘linmalarga qabul qilish jarayoni bilan qiyoslashadi.
Kembriya tog‘lari juda og‘ir iqlim sharoiti bilan ajralib turadi. Kunduzi quyosh deyarli ko‘rinmaydi, har zamon yomg‘ir shiddat bilan yog‘adi, hududi botqoqlik va o‘rmondan iborat, o‘tishga qiyinchilik tug‘diradi. Shu bois tanlovda ishtirok etayotgan ko‘plab jamoalar finalga yetib bora olmay, musobaqani tugashidan oldin tark etishadi.
Tanlovda o‘zbekistonlik razvedkachilar qurol-aslahalarni taqib, navigatsiya vositalarisiz Kembriya tog‘lari bo‘ylab 25 kg. yuk bilan 65 km. masofaga piyoda marsh yurish, 1000 metrdan yuqori balandliklar va 750 metr pastliklardan o‘tishni amalga oshirishdi.
Marsh yurish davomida jamoalar tog‘li va suv to‘siqlaridan o‘tish, hudud razvedkasini olib borish, shartli dushman joylashgan hududni aniqlash va ularni yo‘q qilish bo‘yicha o‘quv-jangovar operatsiyalarni amalga oshirish, shartli yaradorlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, noqonuniy kuchlar tomonidan garovga olinganlarni ozod etish, murakkab tog‘li hududlarda pistirmalarni tashkil etish kabi vazifalarni bajardi.
Tanlov yakuniga ko‘ra O‘zbekiston qo‘shin razvedkachilaridan iborat jamoa Italiya jamoasi bilan birga ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Birinchi va uchinchi o‘rinlar Buyuk Britaniya harbiylariga nasib etdi.
Eslatib o‘tamiz, bu O‘zbekiston qo‘shin razvedkachilarining birinchi muvaffaqiyati emas. Ilgariroq ular shu yilning 29-iyul – 12-avgust kunlari Novosibirsk shahrida (Rossiya) bo‘lib o‘tgan III Xalqaro armiya o‘yinlari doirasida "Qo‘shin razvedkasi a’lochilari" tanlovida uchinchi o‘ringa sazovor bo‘lishgan edi.