TOShKENT, 20 okt — Sputnik. Toshkent shahrining Chilonzor tumanida istiqomat qilgan fuqaro G. Isoqova turli darajada tan jarohatlar tufayli shifoxonada vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston FVV matbuot xizmati xabar qildi.
Xabarda aytilishicha, daraxt shohining sinib tushishi oqibatida Toshkent shahrining Chilonzor tumanida istiqomat qilgan fuqaro G. Isoqova turli darajada tan jarohatlari olgan va shifoxonaga yotqizilgan. Tibbiy yordam ko‘rsatilganiga qaramay u shifoxonada vafot etgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 17-oktabr kuni Toshkent shahri va Buxoro viloyatida sekundiga 32 metrgacha tezlikda shamol bo‘lgan. Kuchli shamol oqibatida ayrim ma’muriy binolar va uylarning tom qismlariga zarar yetgan. Daraxt shohlarining sinib tushishi sababli ba’zi fuqarolarning avtotransport vositalariga shikast yetib, avtomobil yo‘llarida tirbandliklar yuzaga kelgan. Toshkent shahrining ayrim hududlarida elektr liniyalarining uzilishi tufayli elektr energiyasi ta’minotida vaqtinchalik uzilishlar sodir bo‘lgan.
Mahalliy boshqaruv organlari, avariya-qutqaruv xizmatlari tomonidan yuzaga kelgan vaziyat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rilgan.
Buxoroda esa uylarning tomini uchirib yubordi. Internetda kuchli shamol bino tomini uchirib yuborganligi aks etgan lavha keng tarqaldi. Jarohatlanganlar va jiddiy vayronagarliklar haqida ma’lumotlar yo‘q.