TOShKENT, 20 okt – Sputnik. Surxondaryo viloyati Denov tumani hokimi Bahrom Mamatqulov lavozimidan ozod etildi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Bugun xalq deputatlari Denov tuman Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilinishicha, so‘nggi vaqtlarda tuman aholisidan tushayotgan murojaatlar soni ko‘paygan. Muammo va masalalarni hal etishga e’tiborsizlik bilan qaralib, ularning 85 foiziga faqatgina tushuntirishlar berilgan.
Shuningdek, tumanda obodonlashtirish, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayoni talab darajasida emasligi, uy-joy fondida ko‘plab muammolar yuzaga kelayotgani, tabiiy gaz va elektr energiyasidan qarzdorlikning oshib borayotgani hamda eksport parametrlari bo‘yicha ko‘rsatkichlar past darajada ekani ta’kidlandi.
Bu borada ishni tizimli tashkil eta olmagani bois tuman hokimi Bahrom Mamatqulov egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Tuman faollari, keng jamoatchilik, siyosiy partiyalar vakillarining taklif va mulohazalari inobatga olinib, tuman hokimi lavozimiga Ulug‘bek Qosimov nomzodi bir ovozdan tasdiqlandi. Ulug‘bek Qosimov mutaxassisligi bo‘yicha yurist bo‘lib, shu kunga qadar Muzrabot tumani hokimi lavozimida ishlab kelgan.