TOShKENT, 20 okt — Sputnik. Biz maktabgacha ta’lim sohasida har jihatdan zamonaviy tizim yaratishimiz kerak. Kelgusi 3-4 yilda 5-6 yoshdagi barcha bolalarni maktabgacha ta’limga to‘liq qamrab olishga erishmog‘imiz shart. Bu ertangi kunimizni hal qiladigan masala va biz buni albatta amalga oshiramiz, dedi prezident Shavkat Mirziyoyev 19-oktabr kuni maktabgacha ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda.
Mirziyoyev bunga qo‘shimcha isbot qidirib uzoqqa borishning hojati yo‘qligini, bog‘cha tarbiyasini olgan bola bilan bog‘chaga bormagan bolani solishtirganda, ularning fikrlash darajasi o‘rtasida yer bilan osmoncha farq borligini sezish qiyinmasligini ta’kidladi.
"Hayotimizda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan ta’lim-tarbiya tizimi haqida gapirganda, Abdulla Avloniy bobomizning dono fikrlarini takror va takror aytishga to‘g‘ri keladi: ta’lim-tarbiya — biz uchun hayot-mamot masalasidir. Qaysi sohani olmaylik, biz zamonaviy yetuk kadrlarni tarbiyalamasdan turib biron-bir o‘zgarishga, farovon hayotga erisha olmaymiz. Bunday kadrlarni, millatning sog‘lom genofondini tayyorlash, avvalo, maktabgacha ta’lim tizimidan boshlanadi", — dedi O‘zbekiston prezidenti.
Yig‘ilishda bu sohada zamonaviy talablarga javob beradigan ilg‘or pedagogik usul va uslublarni ishlab chiqish, o‘quv va o‘quv-metodik adabiyotlarning yangi avlodini yaratish va nashr etish, maktabgacha ta’lim muassasalarida malakali tibbiy xizmatni tashkil etish, sanitariya meyorlari va gigiyena qoidalariga to‘la javob beradigan sog‘lom ovqatlanish tizimini yo‘lga qo‘yish zarurligi singari masalalar ko‘rib chiqildi.
Maktabgacha ta’lim muassasalariga shifokorlar ajratish, tibbiyot hamshiralarining malakasini oshirish, tez tibbiy yordam ko‘rsatish uchun dori-darmon, sanitariya-gigiyena vositalari bilan to‘liq ta’minlash, bolalarning ovqatlanishini belgilangan meyorlar darajasida tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.
Maktabgacha ta’lim muassasalariga mo‘ljallangan o‘quv-metodik va didaktik adabiyotlarni nashr etishga doir standartlarni qayta ko‘rib chiqish va tasdiqlash masalasiga ham e’tibor qaratildi.