TOShKENT, 19 okt — Sputnik. Adliya vazirligi tomonidan Ichki ishlar vazirligining avtomototransport vositalari guvohnomalari hamda haydovchilik guvohnomalari uchun to‘lovlar stavkalari davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi, deb xabar qildi vazirlik matbuot-xizmati.
Mazkur guvohnomalarni xalqaro standartlar asosida tayyorlash xarajatlarini inobatga olib, avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnomani berish uchun eng kam ish haqining 70 %i miqdorida (104 842 so‘m 50 tiyin), shuningdek haydovchilik guvohnomasini berish uchun eng kam ish haqining 70 foizi miqdorida (104 842 so‘m 50 tiyin) to‘lov undirilishi belgilandi.
Yangi namunadagi guvohnomalar maxsus himoya vositalariga hamda ma’lumotlarni bevosita aloqasiz amalga oshirish imkonini beruvchi maxsus elektron belgilariga (NFC Smart-kart) ega bo‘lib, ularda jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSh ShIR), yuridik shaxslar uchun esa soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami (STIR) saqlanadi.
Yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasi 10-yil muddatga beriladi.
Amaldagi haydovchilik guvohnomalarini yangi namunadagi haydovchilik guvohnomalariga almashtirish 2017-yil 1-oktabr — 2018-yil 31-dekabr davrida ixtiyoriy ravishda, 2019-yil 1-yanvar — 2020-yil 31-dekabr davrida- majburiy tartibda amalga oshiriladi.
Avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani yangi namunadagi guvohnomaga almashtirish 2017 — 2020-yillar mobaynida bosqichma-bosqich — avtomototransport vositasini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazishda amalga oshiriladi.