TOShKENT, 19 okt — Sputnik. Joriy yil 13-oktabr kuni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inomjon Majidov Urgench davlat universiteti jamoasi bilan uchrashdi. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati xabariga asosan.
Uchrashuvda Inomjon Majidov bugungi kunda oliy ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida gapirib, ilmiy-pedagogik salohiyat hanuz past darajada qolayotganligi, ta’lim jarayonining o‘quv-metodik va axborot ta’minoti zamonaviy talablarga mos emasligi, moddiy-texnik bazani tizimli yangilab borish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan ekanligini ta’kidladi.
Shuningdek, o‘quv jarayonini xalqaro ta’lim standartlari darajasiga ko‘tarish, mutaxassis-kadrlar tayyorgarligi jarayonida fan, ta’lim, ishlab chiqarish integratsiyasini yanada takomillashtirish, universitet ta’lim muhitini, yoshlarning bilim va kasbiy kompetentligini oshirish maqsadlariga yo‘naltirilgan eng zamonaviy pedagogik texnologiyalar, ta’lim dasturlari va o‘quv-metodik materiallarni tadbiq etish, ta’lim sifatini oshirish zarurligi haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
Professor-o‘qituvchilarga bugungi kunda qo‘yilayotgan talablar haqida to‘xtalib, professor-o‘qituvchilar o‘z kasbiy mahorat hamda malakalarini muntazam oshirib borishlari, mutaxassislik sohasida nafaqat O‘zbekiston, balki, xorijning eng ko‘zga ko‘ringan olimlari tadqiqot yo‘nalishlari, fan nazariyasi va qo‘lga kiritilgan yutuqlardan xabardor bo‘lishlari, xorijiy hamkor oliy o‘quv yurtlarida malaka oshirishi, doktoranturada ta’lim olishi uchun barcha sharoitlar yaratilganligini aytib o‘tildi.