TOShKENT, 19 okt — Sputnik. Tez kunlarda O‘zbekistonda zamonaviy "Qadimiy Buxoro" sayyohlik majmuasini yaratish loyihasini amalga oshirish boshlanadi. Ushbu loyihada kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan taniqli Rossiya biznesmeni, milliarder Alisher Usmonov ishtirok etadi. Bu haqda Sputnik muxbiri xabar berdi.
Shu kunlarda O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi tomonidan yangi sayyohlik hududi uchun alohida joy ajratib berildi. Loyiha tashabbuskorlariga Gijduvon ko‘chasi va "Ko‘hna va boqiy Buxoro" madaniy ma’rifiy majmuasi o‘rtasidagi maydoni 10 gektar bo‘lgan yer joy berildi.
Ushbu qurilishi obyekt yaratishiga Milliy bankning kichik korxonasi NBU Bukhara Invest javobgar bo‘ladi. Loyihaning batafsil konsepsiyasi 2018-yil yanvar oyiga qadar ishlab chiqilishi zarur.
Ushbu hududda xorijiy sayyohlar maroqli dam olishlari uchun har tomonlama mukammal va zamonaviy bo‘lgan kichik qavatli mehmonxonalar, ma’rifiy sog‘lomlashtirish va savdo-sotiq, ko‘ngil ochar markazlar qurish rejalashtirilmoqda.
Xorijiy sayyohlarni jalb qilish ishlarini yanada jadallashtirish maqsadida Madaniyat vazirligi tomonidan "Qadimiy Buxoro" sayyohlik zonasida, shuningdek shaharning boshqa joylarda turli shou-dasturlar, Buxoroning ko‘hna tarixiy voqealarini tasvirlab beradigan teatrlashtirilgan konsertlar, milliy ansambllar va zamonaviy estrada artistlar chiqishi hamda liboslar modalari va boshqa ommaviy tomoshalar tashkillashtirish ko‘zda tutilmoqda.
"Qadimiy Buxoro" hududida faoliyat yurituvchi barcha tadbirkorlik subyektlar va sarmoya kompaniyalar 2020-yil 1-yanvariga qadar yagona yer, daromad, mulk soliqlaridan, yagona soliq to‘lovlari, shuningdek bojxona to‘lovlaridan ozod etiladi.