TOShKENT, 14 okt — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev parvozlar uchun Alisher Usmonovning samolyotidan foydalanayotgani rost bo‘lib chiqdi, deb xabar bermoqda Sputnik muxbiri.
Ushbu ma’lumotni O‘zbekiston Milliy aviakompaniyasi tasdiqladi. Aviakompaniyaning ma’lum qilishicha, hukumat tomonidan davlat rahbarining uzoq masofalarga parvoz qilishi maqsadida ehtimoliy ijara uchun bir nechta samolyotlar variantlarini o‘rganib chiqish va tanlab olish topshirilgan.
"Qulaylik, xavfsizlik va texnik tayyorlik nuqtayi nazaridan GlobalJet operatori tomonidan taklif etilgan Airbus 340 M-IABU samolyoti tanlandi. Milliy aviakompaniya mavjud bozor narxlari bo‘yicha tijorat shartlari asosida havo kemasi egasi bo‘lgan Klaret Aviation Limited kompaniyasi bilan ijara shartnomasi tuzdi", — deb ma’lum qildi Uzbekistan Airways.
Eslatib o‘tamiz, mazkur samolyot ilgari kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan Rossiya biznesmeni Alisher Usmonovning parvozlari uchun xizmat qilgan. Mazkur turdagi samolyotlardan 20dan ortiq mamlakat, ayniqsa Yaqin Sharq mamlakatlari rahbarlari keng foydalanishadi.
"Milliy aviakompaniya respublika hukumati nomidan yuqorida aytib o‘tilgan shartnomaga muvofiq O‘zbekiston prezidenti foydalanishi uchun Airbus 340 M-IABU ijaraga berishga rozi bo‘lgani va tezkorlik bilan taqdim etgani uchun Alisher Burhonovich Usmonovga minnatdorlik bildiradi", — deya qayd etiladi aviakompaniya matbuot xizmati tomonidan.
Shavkat Mirziyoyevning AQShga tashrifi sentabr oyida amalga oshirildi. O‘zbekiston rahbari BMT Bosh assambleyasining 72-sessiyasida ishtirok etdi hamda AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchrashdi.