TOShKENT, 19 okt – Sputnik. 2013-2016 yillarda O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi binolardan foydalanish boshqarmasi direktori lavozimida ishlagan Toshkent viloyatilik shaxs boshqarmaning 30 million so‘mlikdan ortiq mulkini o‘zlashtirishda ayblanmoqda.
Tergov jarayonida ma’lum bo‘lishicha, gumondor uch yillik xizmat faoliyati davomida oldindan til biriktirgan holda Toshkent shahri Navoiy ko‘chasi 30-uyda joylashgan O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi binolardan foydalanish boshqarmasining mulklarini o‘zlashtirish va rastrata qilish bilan shug‘ullangan.
UzNews.uzning huquqni muhofaza qilish organlaridagi manbalariga tayangan holda ma’lum qilishicha, unga nisbatan Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 167-moddasi 2-qismi bilan (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov ishlari davom etmoqda