TOShKENT, 30 avg — Sputnik. Majburiy ijro burosi tomonidan energiya resurslarining talon-toroj qilinishi va buning oqibatida 137,5 mlrd. so‘m noreal qarzdorlikning kelib chiqqani holatlari bo‘yicha 111 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deb xabar qildi Bosh prokuratura matbuot-xizmati.
Xabarga ko‘ra, "Andijonshahargaz", "Andijon yog‘-moy" AJ va "Andijon bioximiya zavodi" AJ mansabdor shaxslari tomonidan o‘zaro til biriktirib, 7 ta mahalla aholisini yuqori bosimli gaz tarmog‘iga noqonuniy ulash yo‘li bilan 10,3 mlrd so‘m talon-toroj qilingani aniqlangan.
"Bo‘stonliqtumangaz" filiali va "Toshkentgazta’minot" unitar korxonasi mansabdor shaxslari iste’molchilarning tabiiy gaz sarfi ko‘rsatkichlariga soxta ma’lumotlar kiritib, 15,6 mlrd. so‘m miqdorida noreal qarzdorlikning vujudga kelishiga sababchi bo‘lganlar.
Shuningdek, talon-torojliklar natijasida paydo bo‘lgan qarzdorlikni energiya resurslari hisobini yuritish bo‘yicha ma’lumotlar bazasiga soxta ma’lumotlar kiritish yo‘li bilan aholiga qayta taqsimlash holatlari aniqlangan.
Yoki, Jarqo‘rg‘on tumani ETK mansabdor shaxslari 47 ta fermer xo‘jaligi va iqtisodiyot kollejining 11,6 mlrd. so‘m qarzdorligi mavjudligi to‘g‘risida ma’lumotlar bazasiga soxta ma’lumotlar kiritganlar.
Mavjud qarzdorlikni hisobdan chiqarib berish evaziga qonunga xilof ravishda haq olganlik holatlari bo‘yicha 51 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.