TOShKENT, 19 okt — Sputnik. Bektemir tumanida joylashgan "Bektemir" YPX maskanida xizmat olib borayotgan Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan kinologiya xizmat iti ishtirokida "Neksiya" rusumli mashina to‘xtatilib tekshirildi.
Uning yo‘lovchisi Baxtiyor Agzamovning yonida og‘irligi 3 kilogramm 656,4 gramm bo‘lgan marixuana giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur holat yuzasidan Bektemir tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 276-moddasi 2-qismi "a" bandi (giyohvandlik vositalarini o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay, ko‘p miqdorda qonunga xilof ravishda saqlash) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilib, uning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda.