TOShKENT, 16 okt — Sputnik. Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi "G‘ishtko‘prik" chegara-bojxona kompleksi xodimlari qorako‘l terilarini noqonuniy ravishda olib chiqishga uringan shaxslar faoliyatiga chek qo‘yishdi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar qildi.
Qo‘shni davlatga yo‘l olgan O‘zbekiston fuqarosi A.Ziyamuxammedov bojxona nazoratidan o‘tish davomida yonida ortiqcha buyumlar yo‘qligini ma’lum qiladi. Ammo, unga tegishli yuklar nazorat-rentgan apparatidan o‘tkazilganda bojxona xodimlarida shubha yo‘g‘otdi.
Shundan so‘ng ushbu yuklar xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, ushbu shaxs yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ham, bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovi paytida ham ma’lum qilmasdan turib 20 dona qorako‘l terilarini yashirin ravishda olib chiqishga uringani aniqlandi.
Shu bilan birga ayni shu kuni yana bir O‘zbekiston fuqarosi T.Majidovning ham xuddi shunday urinishiga chek qo‘yildi. Ushbu fuqaro ham bojxona nazoratidan chetlab o‘tib, 25 dona qorako‘l terilarini olib chiqib ketmokchi bo‘lgan paytda to‘xtatib qolindi.
Oliy navli ushbu qorako‘l terilarining umumiy bahosi dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 13,5 million so‘mni tashkil qilar ekan.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv jarayonlari davom ettirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidentining 2017-yil 25-maydagi "Tashqi bozorlarda mahalliy mahsulotlarning eksport qilinishi va raqobatdoshligini ta’minlashni yanada rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoniga muvofiq 2017-yil 1-iyunidan boshlab qorako‘l terisining eksportiga qo‘yilgan ta’qiq olib tashlandi. Xo‘jalik subyektlariga O‘zbekiston prezidentining yoki hukumatining qarori asosida qorako‘l terilarining eksportini amalga oshirish huquqi berildi.