TOShKENT, 16 okt — Sputnik. Rossiyalik kinoijodkorlar ishtirokida Toshkent shahrida ilk marotaba Rossiya kino haftaligi boshlandi, deb xabar qildi o‘zining Feysbukdagi sahifasida Yoshlar Ittifoqi raisi Qahramon Quronboyev.
"Hozirgina "Yoshlar press klubi" zalida ushbu haftalikka bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Ushbu haftalik O‘zbekiston Respublikasi hamda Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi ikki tomonlama madaniy aloqalarning yanada rivojlanishiga xizmat qiladi. Tadbir Rossiya Federatsiyasi madaniyat vazirligining ko‘magida Rossiyaning "Festsinema" kinokompaniyasi "O‘zbekkino" milliy agentligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Kinematografiyani rivojlantirish markazi tomonidan tashkil etilmoqda", — deyiladi xabarda.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad — kinematografiya sohasida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish, o‘zbek tomoshabinini rossiyalik kinoijodkorlarning eng sara asarlari bilan yaqindan tanishtirishdir.
Haftalik doirasida o‘zbekistonlik kinoijodkorlar bilan muzokaralar, talabalar uchun mahorat darslari va ijodiy uchrashuvlar tashkil etiladi.
Rossiya kino haftaligini Eduard Bordukovning dunyo bo‘ylab o‘ttizdan ortiq mukofotlarga sazovor bo‘lgan "Korobka" filmi ochib beradi.
Haftalikda rossiyalik mashhur reportor va produser Mixail Degtar, "Nika" sovrindori, Venetsiya kinofestivali g‘olibi, operator Alisher Xamidxodjayev, produser Natalya Ivanova, Rossiyada xizmat ko‘rsatgan artistlar Svetlana Toma, Evklid Kurdzidis, aktor Aleksandr Peskov ishtirok etmoqda.
Mehmonlar o‘z navbatida ushbu haftalikdan manfaatdor ekanligini, kelgusida Yosh kinoijodkorlar kengashi bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida ekanligini ta’kidlashdi.
Hademay, haftalik "Yoshlar ijod saroyi"da ochiladi.