TOShKENT, 15 okt – Sputnik. Bugun 15-oktabr Qirg‘izistonda prezident saylovi kuni. Almazbek Atambayev markaziy saylov qo‘mitasiga barcha kamchiliklarni bartaraf etib, ochiq va halol saylov o‘tkazishni topshirdi.
Eslatib o‘tamiz, Qirg‘izistonda bu safargi prezident saylovida 11 kishi ishtirok etmoqda, lekin ayni damda ulardan 3 nafari o‘z nomzodlarini ro‘yxatdan olib tashlash istagini bildirishdi. Bugun saylovchilarga beriladigan bulletenlarda Kamchibek Tashiyev va Bakit Torobayevlarning familiyalari chizib qo‘yilgan. Yana bir nomzod Azimbek Beknazarov prezident saylovida ishtirok etmasligini kech ma’lum qilgani tufayli, uning familiyasi bulletenda ko‘rsatilgan.
Chet elda bo‘lgan Qirg‘iziston fuqarolari Rossiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Malyziya, Hindiston, Pokiston, Qozog‘iston, Turkmaniston, O‘zbekiston va Tojikistonda joylashgan Qirg‘iziston djiplomatik vakolatxonalarida ovoz berishlari mumkin. U yerdagi saylov uchastkalari Bishkek vaqti bilan soat 10:00 da ochilgan.
Sputnik Qirg‘iziston xabariga ko‘ra, Qirg‘iziston ichida va chet ellerda joylashgan saylov uchastkalarida ayni damda 226 ming kishi ovoz berishga ulgurgan. Bu saylovchilar umumiy sonidan 7,5 %ni tashkil qiladi. Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayev ham o‘z rafiqasi bilan saylov uchastkasida bo‘lib ovoz berishdi.