TOSHKENT, 14 okt – Sputnik. Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivoji bilan tanishish, istiqboldagi vazifalarni belgilash maqsadida Xorazm viloyatiga keldi. Bu haqda prezidentning matbuot xizmati xabar berdi.
Prezidentning Xorazm viloyatiga safari davomida avvalgi tashrifda belgilangan rejalar qanday amalga oshirilayotgani bilan tanishishi, hudud taraqqiyotini yangi bosqichga koʻtarish boʻyicha istiqboldagi dolzarb vazifalar belgilanishi rejalashtirilgan.
Davlat rahbari shu yilning 27-28 yanvar kunlari Xorazmga tashrifi chogʻida viloyat iqtisodiyotini rivojlantirish, sanoat va qishloq xoʻjaligini tarkibiy oʻzgartirish, ijtimoiy obʼyektlar barpo etish va infratuzilmani yaxshilash, aholi turmush darajasini oshirish boʻyicha qator vazifalarni belgilab bergan edi.
Shunga muvofiq, oʻtgan davrda hududda koʻplab yangi korxonalar, kichik biznes subʼyektlari, koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklari tashkil etildi. Turizm, toʻqimachilik, baliqchilik, parrandachilik, irrigatsiya va boshqa sohalarda istiqbolli loyihalar amalga oshirildi. Uy-joylar, shifoxonalar, maktab va sanʼat dargohlari qurildi. Yana qator loyihalar boʻyicha ishlar davom ettirilmoqda.