TOShKENT, 13 okt – Sputnik. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, 12-oktabr kuni Vladivostok shahrida avtohalokat natijasida ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgan.
Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati tomonidan ma’lum qilindi.
TIV matbuot xizmatining bildirishicha, O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi Bosh konsulligi batafsil ma’lumot uchun Primorye o‘lkasining tegishli tuzilmalari bilan aloqalar o‘rnatgan va ushbu masalani nazorat ostiga olgan.
Rossiya OAVlarining xabar berishlaricha, halokat tungi vaqtda yuz bergan. Toyota corolla fielder rusumli avtomobil noma’lum sabablarga ko‘ra katta tezlikda kelib beton simog‘ochga urilgan. Oqibatda haydovchi va uning yonidagi yo‘lovchi halok bo‘lishgan, orqa o‘rindiqdagi yo‘lovchi jarohatlangan.
Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga qaraganda, ular O‘zbekiston fuqarolari bo‘lishgan.