TOShKENT, 13 okt — Sputnik. Shu kunlarda Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi bir nechta guruhlarda joriy yilning iyul oyida Sirg‘ali tumanida bir qizga pichoq bilan jarohat yetkazgan erkak 3-yilga ozodlikdan mahrum etilgani haqida xabarlar tarqaldi.
Post muallifi ushbu xabarni keng ommaga tarqatishda hamda qandaydir choralar ko‘rishda foydalanuvchilarni yordamga chaqirgan.
"Jabrlangan nomidan. Assalomu alaykum, 27-iyulda Sirg‘ali tumani hududida bir erkak tomonidan pichoqlangan ayol hodisasi esingizdami. Tasavvur qiling, jamoatchilik uchun xavfli bo‘lgan bu odamga 3-yil uy qamog‘i jazosi berilibdi, ya’ni u jazolanmagan!!!… ayni vaqtda u mening hayotimga tahdid soladi!!! Bizning hukumatimiz qayerga qarayapti?! U HAMMAMIZ UChUN XAVFLI! MEN ADOLAT TALAB QILAMAN!!!!! FALOKATNING OLDINI OLISh UChUN ShU XABAR BILAN BO‘LIShING!!! MEN SIZLARDAN O‘TINIB SO‘RAYMAN, YO‘Q DEMANG! EЪTIBORSIZ QOLDIRMANG! U muqaddam ham shunga o‘xshash modda bo‘yicha sudlangan bo‘lgan, buni shunday qoldirib bo‘ladimi?, — deyiladi xabarda.
Xabar tagida qoldirilgan izohlarning aksariyati agressiv xarakterda bo‘lib, foydalanuvchilarning aksariyat qismi ushbu hukmni chiqargan sudyani, yana kimdir Sirg‘ali IIBB tergovchisini pora olishda ayblashgan. Ayrimlar hatto petitsiya yozishga da’vat qilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasida bu holatga e’tibor qaratishgan. Yana bir bor ish ko‘tarilgan va tergov materiallari o‘rganilgan hamda xabar tagidagi izohlar IIB xodimi sha’niga bo‘xton yog‘dirish degan xulosaga kelingan.
"Sirg‘ali tuman tergovchisi uning nomiga bo‘xton yog‘dirishgan shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘rab raport bilan murojaat qildi. Biz raportni qabul qildik va o‘sha odamlarni topib, tegishli choralar ko‘rishi uchun prokuraturaga topshirdik. Agar o‘sha odamlar bizning xodimimiz ayblanuvchidan qandaydir mukofot olgan, degan gapni aytishayotgan ekan, dalil keltirishsin. Tuhmat haqida modda bor. Ayni vaqtda bizning tergovchimizni poraxo‘rlikda ayblashgan. Va biz bu bo‘xtonligini isbotlashga qaror qilganmiz", — deb ta’kidladi brifing davomida Toshkent IIBB rahbari o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev.
Internetda o‘sha kungi voqea aks etgan videolavhalar ham tarqaldi.
Binolardan biri ichidagi kuzatuv kamerasida yozilgan tasvirga ko‘ra, tashqaridan bir erkak ichkariga yugurib kiradi. Uning ortidan rezina shlangda suv sepayotgan qiz kirib keladi.
Qizning qo‘lidagi shlangdan otilayotgan suv ichkaridagi boshqa bir erkakka sachraydi. Erkak qo‘lidagi buyumni qizga uloqtiradi va uni quvib tashqariga chiqadi hamda qizga hamla qiladi. Unga qarshilik bildirishgan vaqtda u cho‘ntagidan aftidan buklama pichoq chiqaradi va o‘zi tomon kelgan qizga tashlanadi.