TOShKENT, 13 okt — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12-oktabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha kengashining din va e’tiqod erkinligi masalasi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Ahmad Shahidni qabul qildi, deb xabar qildi O‘zbekiston prezidenti matbuot-xizmati.
Uchrashuvda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash O‘zbekistonni rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan uzoq muddatli Harakatlar strategiyasi va BMT bilan keng ko‘lamli hamkorlik dasturining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani alohida ta’kidlandi.
BMT maxsus ma’ruzachisi O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, bag‘rikenglik va vijdon erkinligini ta’minlash, dinga e’tiqod qiluvchilarning huquqlarini himoya qilish va ularning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha yangi bosqichda amalga oshirilayotgan o‘zgarish va islohotlarni yuksak baholadi.
Maxsus ma’ruzachi O‘zbekiston pezidenti tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida bayon etilgan tashabbuslarning dolzarbligi va o‘z vaqtida ilgari surilganini alohida qayd etdi.
Xususan, Ahmad Shahid "Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik" nomli maxsus rezolyutsiyani qabul qilish to‘g‘risidagi taklifi, Samarqandda Imom Buxoriy nomidagi xalqaro tadqiqot markazi va Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etilayotgani to‘liq qo‘llab-quvvatladi.
Uchrashuvda vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirish, dinlararo va millatlararo munosabatlar sohasida o‘zaro muvofiqlashtirilgan choralar ko‘rish va qo‘shma tadbirlar o‘tkazish masalalari ham muhokama qilindi.
BMT maxsus ma’ruzachisi Ahmad Shahid Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul hamda O‘zbekistonga tashrifi tadbirlarga boy dastur asosida tashkil etilgani uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston bilan tizimli, ochiq va amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyorligini qayd etdi.