Har bir farzandni, voyaga yetganda qiynaydigan ikki savol bor: nega ota-onalar bunaqa injiq? Nega ota-ona farzandining orzu-o‘yini, maqsadini tushunmaydi?
Javob berishdan burun hammamiz uchun yod bo‘lib ketgan voqeaga to‘xtalmoqchiman.
Otabekni, o‘sha "O‘tkan kunlar" romani qahramonini ikkinchi bor ota-onasi uylab qo‘ygan. Otabek shunday tarbiyalangan — ota-onasiga qarshi bormaydi, ularning fikrini hurmat qiladi. Lekin qiziq jihati — bizga har doim uqtirishganday, ota-ona farzandi uchun yomonlik tilamaydi, uni baxtli bo‘lishini istaydi, degan fikr shu yerda isbotini topmaydi. Otabekning odobi oxir oqibatda baxtsizligiga sabab bo‘ladi.
Bu bilan ota-onalar ahmoq bo‘lgani, baloniyam tushunmagani uchun farzandiga qarshi chiqaveradi demoqchi emasman, aksincha, ular shu yo‘l bilan farzandlarini sinaydi, hayotga tayyorlaydi.
Ruslar: ochlik xolang emas, deyishadi. Shunday — katta hayot ota-onang emas. U yerda mehribonchilik, g‘amxo‘rlik kam, manfaat qidirgan ko‘p.
Ota-ona farzandini bor kuch va imkoniyat bilan katta hayotga tayyorlab boradi. Ularning farzandi orzu o‘yiga, maqsadiga, ishiga qarshiligi ham shu tarbiyaning bir bo‘lagi, aslida.
Hayot insonning xohish-istagiga bo‘ysunmaydi. Unda bir nimaga erishish uchun o‘ta qat’iy va hech nega qaramay maqsadga intilishi, irodali bo‘lishi lozim. Farzand bularni kimdan o‘rganadi? Ota-onaning gapidanmi? Iroda gap bilan singmaydi. U amaliyotda shakllanadi.
Shunga o‘xshash gaplar. Birinchi holatda ular farzandining tanlagan kasbiga mehrini bilmoqchi bo‘lishadi. Ikkinchi holatda umr yo‘ldoshi sifatida tanlagan kishisiga muhabbatini. Har ikkala holatda ham farzandning irodasini sinashadi. Irodasizlar shu yerning o‘zidanoq sinib qo‘ya qoladi.
Farzand so‘zida qat’iy turib, ota-onasiga qarshi borib, aytganini qilsa, demak, tanlagan yo‘li xato emas. Ota-onaning gapiga kirib, tanlaganidan voz kechsa, demakki uning bu boradagi maqsadi qat’iy emas. Tanlagan yo‘lini o‘z ota-onasiga uqtirolmagan inson, uni katta hayotda ming bir to‘siqqa duch kelganda, qanday himoya qiladi? Demak, tuyg‘ulari shunchaki havas, xolos. Katta hayotga esa ko‘ngilda oddiy havas bilan qadam qo‘ymagan ma’qul. Unga aniq maqsad, keskin talab, qat’iy orzu-o‘ylar, ulkan iroda va ishonch bilan boriladi.
Ota-onalar buni yaxshi biladi. Shu sabab qarshilik qiladi. Bu ularning bolasini bog‘chaga kuzatayotganda ostonada issiq kiyimlar kiydirib, kuzatganga o‘xshash holat. Endi tashqaridagi sovuq havo — bu katta hayot; issiq kiyimlar — ota-ona sizga singdirmoqchi bo‘lgan hayot sinovlariga qarshi immunitet. Immunitetingiz bo‘lmasa, ota-onangiz tanlab bergan yo‘ldan boraverasiz. Balki, oxir-oqibatda qaygadir yetarsiz.
Aslida insoniyat taraqqiyotining asosida ham shu yotadi — ota-ona va farzand o‘rtasidagi qarama-qarshilik. Ota farzandiga qarshilik qilmaganda, farzand ison ko‘tarib, undan o‘tib ketishga intilmaganda odamzod haligacha g‘orda yashayotgan bo‘lardi.
Albatta, bunda ota-onaga qarshilik deyilganda, kayf-safoni deb ularni azobga solish tushunilmaydi. O‘z kayf-safosi uchun boshqalarni zor-qaqshatish insoning irodasini emas, irodasizligini bildiradi.
…Otabekning baxtsizligi sababini tushungandirsiz — u ota-onasi aytganiga ko‘nib, ularning sinovidan o‘tolmagan. Oqibatda ular irodasiz Otabek uchun hayot yo‘lini tanlab berishgan va bu nimaga olib kelganini barchamiz yaxshi bilamiz.
Muallif fikri tahririyat nuqtayi-nazariga mos tushmasligi mumkin.