TOShKENT, 11 okt – Sputnik. OLX mutaxassislari O‘zbekistonda ishga joylashish bo‘yicha chop etilgan e’lonlar asosidagi statistikani ma’lum qilishdi, deb yozadi nuz.uz.
O‘zbekistonda eng ko‘p bo‘sh ish o‘rinlari bar-restoran biznesi sohasiga to‘g‘ri kelar ekan. Uning ommabopligiga sabab jalb etuvchi maosh va nomzodlarga qat’iy talab qo‘yilmasligidir. Bar-restoran biznesida bo‘sh ish o‘rinlari ushbu sohada ish izlayotganlarga nisbatan ikki baravar ko‘p.
Ikkinchi o‘rinda ishlab chiqarish va energetika sohalari joylashdi. Bu yo‘nalishlar odatda ish qidiruvchilarga nisbatan talabning qat’iyligi bilan ajralib turadi. Lekin ish beruvchilar barqaror va nisbatan yuqori maosh taklif etishadi.
Ro‘yxatda uchinchi o‘rinni chakana savdo egallaydi. Sotuvchi, kassir, konsultant va menejerlarga talab yuqori.
Marketing, savdo va dizayn yo‘nalishlari to‘rtinchi o‘rinda. Dizaynerlar, analitiklar, PR- va SMM-mutaxassislar ishga taklif qilingan.
Qurilish va ta’mirlash bo‘yicha ishchilarga bo‘lgan talab ro‘yxatning dastlabki beshligini yakunlab beradi.