TOShKENT, 10 okt — Sputnik. O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro burosi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish markazi va uning hududiy bo‘limlariga dasturlovchi, ma’lumotlar bazasi administratori, veb-dizayner, axborot texnologiyalari mutaxassisi lavozimlariga ishga qabul qilish bo‘yicha nomzodlar uchun tanlov e’lon qilindi. Bu haqda Bosh prokuratura saytida ma’lum qilindi.
Nomzodlar axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida oliy yoki o‘rta-maxsus ma’lumotga, zarur bilim va ish tajribasiga, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan professional darajada foydalanish qobiliyatiga ega bo‘lishi lozim.
Shuningdek, dasturchilar quyidagi dasturlash tillari va texnologiyalarida ishlash tajribasiga ega bo‘lishi lozim:
— Java Core, Java SE, J2EE, J2ME, Android, Swift, PL/SQL, Transact SQL, C++, HTML, CSS, JavaScript, Jquery, zamonaviy veb freymvorklar (Wicket, Spring va boshqalar);
— ORM (MyBatis, Hibernate va boshqalar), WebService, WebSocket, B2B texnologiyalari;
— WinAPI tizimida dastur, veb brauzerlar uchun plaginlar yaratish;
— SDK qurilmalar bilan ishlay olish va tizimga integratsiya qilish;
— Android, iOS, Windows, J2ME qurilmalar uchun dasturlar yaratish.
Markaz va uning hududiy bo‘limlari xodimlariga Buro xodimlari uchun nazarda tutilgan imtiyozlar, moddiy va ijtimoiy muhofaza choralari qo‘llaniladi.
Tanlovda qatnashish, buning uchun zarur hujjatlar va boshqa talablar haqida Majburiy ijro burosining kadrlar boshqarmasidan ma’lumot olish mumkin (tel: 0-371-237-49-32).
Tanlovda ishtirok etish uchun 10-oktabrdan 31-oktabrga qadar (dushanba-shanba) soat 11dan 13gacha suhbat o‘tkaziladi va hujjatlar qabul qilinadi.