TOShKENT, 9 okt — Sputnik. O‘zbekiston oktabr-noyabr oylarida ExxonMobil bilan neft va gaz sohasida hamkorlik qilish haqida shartnoma imzolashni rejalashtirgan.
"Ayni damda ExxonMobil bilan shartnoma boshlang‘ich bosqichida. Oktabr-noyabr oylarida kompaniya rahbariyatining O‘zbekistonga tashrifi kutilmoqda. O‘shanda hamkorlik haqidagi shartnomalar imzolanishi mumkin", — dedi "O‘zbekneftegaz" vakili.
Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya bilan dastlabki kelishuvlar Shavkat Mirziyoyevning AQShga 18-20 sentabr kunlarida bo‘lgan tashrifi davomida imzolangan.
"O‘zbekneftegaz" vakillari RIA Novostiga xabariga ko‘ra, tashrif davomida ExxonMobil kompaniyasi bilan geologik razvedka ishlarida hamda ishlayotgan konlarda qazib olish hajmini oshirish borasida hamkorlik qilish masalalari muhokama qilinadi.
Shuningdek, O‘zbekiston rahbariyati AQSh kompaniyasiga yengil sanoat uchun poliester ishlab chiqarish loyihasida ishtirok etishni taklif qilishni rejalashtirgan.
"O‘zbekneftegaz" ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonda istiqbolli neft va gaz konlarining 60% — chet el kompaniyalari ixtiyoriga topshirilgan. Litsenziyalangan konlarda Rossiyaning "Gazprom" va "Lukoyl" kompaniyalari, Xitoyning CNPC va vyetnamning Petrovietnam kompaniyalari ishlamoqda.
"O‘zbekneftegaz"ning yillik ishlab chiqarish quvvati 70 mlrd kubometr tabiiy gaz va 8 million tonna suyuq uglerodlardan iborat. Shu bilan bir vaqtda respublikada neft va gaz qazib olish hajmi, konlar tugashi oqibatida, yildan-yilga kamayib bormoqda. Shu tufayli zavodlar to‘liq quvvatda ishlamayapti va vaqti-vaqti bilan benzin va gaz taqchilligi sezilmoqda.