TOShKENT, 9 okt — Sputnik. Avtohalokatda vafot etgan Qirg‘iziston Bosh vaziri o‘rinbosari Temir Jumaqodirovning dafn marosimi yakunlandi, deb xabar qildi Sputnik Qirg‘iziston nashri.
Temir Jumaqodirov 7-oktabr kuni Moskva tumani Sadovoe qishlog‘ida ro‘y bergan avtohalokat oqibatida olamdan o‘tdi. Land Cruiser yo‘ltanlamasi va katta yuk mashinasi to‘qnashib ketgan. Bosh vazir o‘rinbosaridan tashqari uning yordamchisi va haydovchisi ham hodisa joyida halok bo‘lishgan. Ushbu YTH yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan, KamAZ haydovchisi SIZOga joylashtirilgan.
Dafn qilish marosimida Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayev Temir Jumaqodirov haqida nutq so‘zlagan.
"Bugun biz men unga juda katta umidlar bog‘lagan inson bilan vidolashmoqdamiz. U mamlakatning bo‘lg‘usi yetakchisi, juda haqparvar va o‘z yoshiga nisbatan o‘ta donishmand edi. U korrupsiyaga qarshi kurash, kuch tuzilmalaridagi islohotlar uchun ko‘p ishlarni amalga oshirdi, uzoqni ko‘ra biladigan, zakovatli edi. Men ko‘pincha u bilan maslahatlashardim… U osmonda yarq etgan, ammo qora bulutlar uni to‘sib qo‘ygan bir yulduz edi. Lekin u o‘zidan iz qoldirdi", — dedi Atambayev.
So‘ngra prezident ko‘zida yosh bilan o‘z chiqishini to‘xtatgan.
Dafn etish marosimida Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayevdan tashqari, Jog‘orku Kenesh spikeri Chinibay Tursunbekov, Bosh vazir Sapar Isakov va Oliy sud raisi Aynash Tokbayevalar ishtirok etishgan.
Isakov Jumaqodirovning tarjimai holini o‘qib eshittirgan.
Xayrlashuv marosimi o‘tkazilgan Qirg‘iziston milliy dramatik teatriga Temir Jumaqodirov bilan vidolashgani 500dan ortiq odamlar to‘planishgan.