TOShKENT, 7 okt — Sputnik. Toshkent islom instituti bitiruvchisi Saydulloh qori Tohirov va "Ko‘kaldosh" o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi Abdulbasir qori Kamolov Makka shahrida o‘tkaziladigan XXXIX Xalqaro Qur’oni karim musobaqasida ishtirok etish uchun Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketishdi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati xabar berdi.
7-11 oktabr kunlari bo‘lib o‘tadigan ushbu musobaqada 50 dan ortiq davlatdan kelgan 200 ga yaqin qorilar ishtirok etadi.
Shuningdek, 7 — 9-oktabr kunlari Rossiya poytaxti Moskva shahrida XVIII Xalqaro Qur’oni karim musobaqasi bo‘lib o‘tadi. Mazkur musobaqada qatnashish uchun 32 mamlakat vakillari tashrif buyurdi. Ushbu musobaqada Toshkent shahar, Uchtepa tumanidagi "Hazrati Umar" jome masjidi imomi noibi Valixon qori Azimboyev ham qatnashadi.