TOShKENT, 6 okt — Sputnik. Amerika Qo‘shma Shtatlari jurnalist Solijon Abdurahmonovning ozod etilishini olqishlaydi, deb bayonot berdi AShning O‘zbekistondagi elchixonasi.
"Bu kuni-kecha inson huquqlari faoli A’zam Farmonovning ozod etilishidan so‘ng ko‘p o‘tmay yana bir uzoq muddatga qamalgan vijdon tutqunining ozod etilishidir. Janob Abdurahmonov 2008-yilda qamalgan edi. Qo‘shma Shtatlar va inson huquqlari bo‘yicha xalqaro tashkilotlar Abdurahmonovning jurnalist sifatida ijtimoiy-iqtisodiy adolat, korrupsiya va inson huquqlari masalalariga oid olib borgan salmoqli faoliyatini e’tirof etgan. Umid qilamizki, ushbu ochiqroq yondashuv davom etadi hamda O‘zbekiston hukumati jurnalist va faollarga taalluqli bo‘lgan barcha masalalarga O‘zbekiston konstitutsiyasi va huquqiy talablarga muvofiq ravishda yechim topadi", — deyiladi bayonotda.
Elchixona qonun ustuvorligini ta’minlash prezident Mirziyoyevning O‘zbekistonda inson huquqlariga oid xalqaro andozalarni ta’minlashga bo‘lgan sadoqatini mustahkamlashini aytib, keng ko‘lamli siyosiy, ijtimoiy va inson huquqlari sohasiga oid islohotlar sari olg‘a siljish davom etishiga umid bildirgan.