TOShKENT, 5 okt — Sputnik. Bugun Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirobod tuman sudida ayovsiz kaltaklanishi oqibatida halok bo‘lgan Borovskiy nomidagi tibbiyot kollejining sobiq talabasi, marhum Jasurbek Ibrohimov o‘limi yuzasidan to‘rtinchi sud majlisi bo‘lib o‘tdi.
Bugungi sud majlisidan e’tiboran sudlanuvchi I.To‘laganovni yana bir advokat himoya qiladigan bo‘ldi.
To‘rtinchi sud eshituvlarida navbatdagi guvohlar Hurmat H. va Muhammad Po‘latov (O‘lmas)ning ko‘rsatmalari tinglandi.
Hurmat o‘z ko‘rsatmalari davomida Jasur Ibrohimovni Islom To‘laganovdan boshqa hech kim urmaganligini ta’kidladi va uyiga ketayotgan vaqtda Jasur yaxshi holatda bo‘lganini qo‘shimcha qildi.
Guvoh sifatida ishtirok etgan Muhammad Po‘latov esa ayrim savollarga javob bera olmadi.
Shuningdek, sud davomida ayblanuvchi Islombek To‘laganovning onasi zaldan turib guvohlarga "voqea qanday bo‘lganini o‘rgatgani" uchun ogohlantirish oldi.