TOShKENT, 5 okt — Sputnik. O‘zbekiston mudofaa vaziri general-mayor Abdusalom Azizov 11-13 oktabr kunlari Tojikistonda bo‘ladi, deb xabar berdi Podrobno.uz. Bu mustaqillik yillari davomida mudofaa vazirining qo‘shni respublikaga ilk tashrifi bo‘ladi.
Azizov 11-13 oktabr kunlari Dushanbeda bo‘lib o‘tadigan MDH mamlakatlari mudofaa vazirlari kengashida ishtirok etadi. U shuningdek, Tojikiston mudofaa vaziri va mamlakat kuch blokining boshqa yuqori martabali shaxslari bilan uchrashadi.
Abdusalom Azizov shu yilning sentabr oyida O‘zbekiston mudofaa vaziri etib tayinlangan. Unga qadar Azizov ichki ishlar vazirligini boshqargandi.
Abdusalom Azizov shu yilning iyunida IIV rahbari sifatida Dushanbedagi MDH mamlakatlari ichki ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishida ishtirok etgan va Tojikiston IIV rahbari Ramazon Rahimzoda bilan uchrashgandi.