TOShKENT, 5 okt — Sputnik. O‘zbek militsiyasi noan’anaviy jinsiy yo‘nalishga mansub deya yosh yigitni kaltaklagan bir guruh shaxslarni qo‘lga oldi, deb axabr bermoqda Sputnik muxbiri.
Eslatib o‘tamiz, ijtimoiy tarmoqlarda yosh yigitning kaltaklangani videosi paydo bo‘lgandi. Xususan, videoda tasvirlanishicha, unga tahdid qilganlar jabrlanuvchini yechinishga majbur qilishadi hamda yigitni turli yo‘llar bilan tahqirlashadi.
"O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida Farg‘ona viloyatida yashovchi fuqaroning sha’ni va qadr-qimmatini oyoqosti qilishda hamda internet orqali ushbu holat tasvirlangan videoni tarqatishda gumonlangan besh nafar shaxs qo‘lga olindi", — deb xabar qildi IIV matbuot xizmati.
Mazkur holat bo‘yicha 103-modda 2-qismi (o‘zini-o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish), 112-modda 1-qismi (o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish), 140-modda 2-qismi (haqorat qilish), 164-modda 2-qismi (bosqinchilik), 277-modda 2-qismi (bezorilik) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda huquqni muhofaza qilish organlari qo‘lga olinganlarning boshqa jinoyatlarga aloqadorligini tekshirishmoqda.