TOShKENT, 4 okt — Sputnik. O‘zbekistonda paxta hosilini yig‘ib olish maqsadida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hududiy kengashlari tomonidan uyushmagan yoshlardan iborat terimchilar otradlari tashkil etilgan, Samarqand viloyatining barcha tuman va shaharlarida 200 nafargacha a’zodan iborat 150 ta otrad tuzildi, deb xabar qildi "Zarafshon" nashri.
Shuningdek, uzoq hududdagi paxta dalasiga boradigan otradlar uchun transport vositasi ajratilgan, tibbiy xizmat ko‘rsatish hamda xavfsizligini ta’minlash ham e’tibordan chetda qolgani yo‘q. Terimga jalb etilgan yoshlarning vaqtinchalik mehnat faoliyati ish staji sifatida inobatga olinmoqda.
Mavsum davomida doimiy faollik ko‘rsatgan 200 nafar yoshlarni rag‘batlantirish maqsadida Xalq banki viloyat filiali tomonidan chorva mollari — qo‘y, parranda berishni ham rejalashtirilgan.
Otradlarning faol terimchilari mavsum davomida har o‘n kunda va mavsum yakunida aniqlanib, rag‘batlantirib boriladi. Shuningdek, viloyatdagi fidoyi yoshlar otradlarining yana 150 nafar a’zolari turli yo‘nalishlarda, jumladan, "Qishloq xo‘jaligi ishlaridagi faolligi uchun" nominatsiyasi bo‘yicha taqdirlanadi. Bundan tashqari, "Eng ilg‘or terimchi", "Eng yaxshi otrad rahbari", "Eng yaxshi fermer xo‘jaligi boshlig‘i", "Eng yaxshi mahalla raisi", "Eng faol hamkor", "Eng faol tashkilotchi", "Eng ilg‘or tuman (shahar) kengashi" yo‘nalishlarida ham rag‘batlantiriladi.
Bu hali hammasi emas. O‘n kunlik natijasiga ko‘ra, eng ilg‘or tuman (shahar) kengashi g‘olibi hisob raqamiga 20 million so‘m pul mukofoti o‘tkaziladi. Mavsum yakunida esa eng ko‘p paxta tergan tuman (shahar) kengashi (kamida 1 225 000 kilogramm)ga "DAMAS" avtomobili sovg‘a qilinishi rejalashtirilgan.