TOShKENT, 3 okt — Sputnik. GM Uzbekistan korxonasi Rossiyada yig‘uv ishlab chiqarishni tashkil etishni rejalashtirmoqda, deb xabar berdi Sputnik muxbiri.
O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Nodir Otajonovning aytishicha, hozirda mazkur masala faol muhokama bosqichida.
"Samara va Leningrad viloyatlarida GM Uzbekistan avtomobillarini sanoat usulida yig‘ish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. "O‘zavtosanoat" korxonalari tomonidan UAZ guruhi va "AvtoVAZ" kompaniyasi konveyerlariga butlovchi qismlar yetkazish yo‘lga qo‘yildi", — dedi bosh vazir o‘rinbosari.
Bundan tashqari, tashqi savdo vaziri Elor G‘aniyevning aytishicha, Rossiya bozoriga GM Uzbekistan mahsulotlarini yetkazish hajmi sezilarli darajada oshgan.
"Ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlaridan biri avtomobilsozlik sanoatidir. Ushbu yilning o‘zidayoq Rossiyaga o‘zbek avtomobillarini yetkazi berish sezilarli darajada oshdi. O‘tgan yillarda bu ko‘rsatkich tushib ketgandi. Rossiya bozorida avtomobillarimiz soni oshishida Rossiya hukumatining ham ishtirok etayotganidan mamnunmiz va buni yuksak qadrlaymiz", — dedi G‘aniyev.
Vazir Rossiya savdo-sanoat vaziri Denis Manturovning tashrifi davomida Rossiyada o‘zbek avtoishlabchiqaruvchilarining ishlab chiqarish maydonlarini tashkil etish bilan bog‘liq masalalar batafsil muhokama qilinganini bildirdi.
"Biz bu albatta o‘z natijasini berishiga ishonamiz. Bugungi kunda "KAMAZ"bilan avtomobil ishlab chiqarish, "KAMAZ", "AvtoVAZ" va "UAZ" uchun butlovchi qismlar yetkazib berish bo‘yicha shartnomalarga erishildi. Hozirda Rossiyaning boshqa avtoishlabchiqaruvchilari bilan ham ishlab chiqarish maydonlari tashkil qilish imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda", — dedi tashqi savdo vaziri.
GM Uzbekistan hozirda Asaka, Xorazm va Toshkentdagi ishlab chiqarish maydonlarida 10ta modeldagi avtomobillarni ishlab chiqarmoqda.
Bular Chevrolet va Ravon brendi ostida ishlab chiqariluvchi Matiz, Spark (R2), Nexia (R3), Cobalt (R4), Lacetti (Gentra), Captiva, Malibu, Orlando, Damas va Labo.