TOShKENT, 29 sen — Sputnik. GM Uzbekistan bugundan Chevrolet.uz yagona savdo portalini ishga tushirdi, deb xabar bermoqda Sputnik muxbiri.
Ushbu portal orqali real vaqt rejimida kerakli model va rangdagi avtomobilni hamda arizani ro‘yxatdan o‘kazish uchun eng yaqin avtosalonni tanlash mumkin.
"Portal orqali istagan kishi avtomobil sotib olish uchun elektron navbatga turishi mumkin. Buning uchun chevrolet.uz saytiga kirib, pasport ma’lumotlari, STIR, telefon raqami kabi ma’lumotlarni kiritib ro‘yxatdan o‘tiladi. So‘ngra mijoz o‘ziga yoqqan modeldagi avtomobilni tanlab unga buyurtma berishi mumkin", — dedi Uzinfocom Milliy axborot tizimining rivojlanish bo‘yicha departamenti rahbari Husan Berdiyev.
Uning aytishicha, shundan so‘ng portal alohida identifikatsion raqamni chiqarib beradi va mijoz ushbu raqam orqali o‘z navbati holatini kuzatib boradi.
Avtomashina sotib olish navbati kelganidan so‘ng diler mijozga xabar beradi.
"Yangi tizim avtomobil sotib olishda qulaylikni va barcha bosqichlarda shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan. Yil oxiriga qadar mijozlarga portal orqali avtomobil sotib olish uchun shartnoma berish imkoniyatini joriy etmoqchimiz. Portal orqali nafaqat avtomobil, balki ehtiyot qismlar sotuvini tashkil qilishni ham maqsad qilganmiz", — dedi GM Uzbekistan rejalashtirish direksiyasi direktori Alisher Komilov.