TOShKENT, 3 okt — Sputnik. O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegarasidagi "Vodil" chegara posti faoliyati qayta tiklandi, deb xabar berdi ut.uz.
"Qirg‘iziston bilan 447,4 kilometrlik chegara hududiga ega Farg‘ona viloyati uchun chegara munosabatlari g‘oyat muhim strategik ahamiyatga ega. So‘x hamda Farg‘ona tumanlarining Shohimardon va Yordon qishloqlari aholisi uchun qo‘shni davlatga safar qilish birmuncha ma’lum qiyinchiliklar tug‘dirardi", deyiladi xabarda.
Xabarda aytilishicha, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 5-6 sentabr kunlari Qirg‘izistonga tashrifi chog‘ida azaldan yonma-yon yashab, bir ariqdan suv ichgan, quda-anda bo‘lib ketgan, qadriyat va an’analari, hatto orzu-maqsadlari mushtarak ikki xalqning ahilligiga soya tashlayotgan muammolarni ijobiy hal etishga erishilgani o‘zbek-qirg‘iz xalqlari do‘stligi, jipsligi va hamjihatligi yo‘lidagi muhim tarixiy voqea bo‘ldi.
Ma’lum qilinishicha, "Vodil" chegara postidagi ortiqcha burokratik to‘siqlarga barham berilgan.
Shuningdek, Andijon viloyati bojxona boshqarmasi tasarrufidagi "Madaniyat" chegara bojxona posti ham ochilgan.
Eslatib o‘tamiz, 6-sentabr kuni O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasidagi "Do‘stlik" chegara o‘tkazuv punkti ochilgan bo‘lib, o‘tgan oy davomida Namangan viloyatidagi "Kosonsoy" nazorat-o‘tkazuv punkti, Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi tasarrufidagi "Rishton" chegara bojxona posti ochildi.