TOShKENT, 3 okt — Sputnik. "KAMAZ" OAJ O‘zbekistonda yuk mashinalarini yig‘ishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda, deb ma’lum qildi respublika bosh vaziri o‘rinbosari Nodir Otajonov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Rossiya nisbatan qisqa muddat ichida avtomobil ishlab chiqarish bo‘yicha sanoat kooperatsiyasida yaxshi natijalarga erishdi.
"O‘zbekistonda og‘ir tijorat avtomobillari ishlab chiqarishni tashkil etish va "KAMAZ"ning bosh zavodiga O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan qismlarni yetkazib berish bo‘yicha "KAMAZ" OAJ bilan kelishuvga erishildi", — dedi u.
Tashqi savdo vaziri Elor G‘aniyev ham respublikada Rossiya og‘ir texnika ishlab chiqaruvchisining samarali faoliyat ko‘rsatishiga umid bildirdi.
"KAMAZ" bilan hamkorlikda har xil turdagi og‘ir avtomobillar ishlab chiqarishni mo‘ljallamoqdamiz. Bu o‘zaro savdo munosabatlari rivojlanishiga turtki bo‘ladi, zero bu loyihalar orqali butlovchi qismlar, uskuna va texnologiyalar yetkazib berish boshlanadi", — dedi G‘aniyev.
Eslatib o‘tamiz, "KAMAZ" brendi Rossiyaning yirik avtomobil korporatsiyasi bo‘lib, uning Rossiya avtobozoridagi ulushi 50%dan ortiq.
"KAMAZ — Master" jamoasi Parij-Dakar rallisda 13-marta g‘alaba qozongan va uch marta jahon chempioni bo‘lgan.
Hozirda korporatsiya 40dan ortiq modelda yuk avtomobillari, tirkamalar, avtobuslar, traktorlar, dvigatel, kuch agregatlari ishlab chiqaradi.
"KAMAZ"jahonning og‘ir yuk avtomobillari ishlab chiqaruvchi 20ta yetakchi kompaniyalari ro‘yxatiga kiradi.