TOShKENT, 2 okt — Sputnik. Konstitutsiya kuni arafasida amnistiya e’lon qilish maqsadida, O‘zbekiston prezidenti farmoniga binoan, jinoiy ish tafsilotlarini o‘rganib chiqish uchun maxsus komissiya tashkil qilingan.
Komissiya ishchi guruhlari qamoq jazosi o‘tilayotgan joylarda sudlanganlarning jinoiy ishlarini batafsil o‘rganib chiqishadi. O‘rganish jarayonida ularning jamoat uchun zararli yoki zararsiz ekanligiga, o‘zi qilgan jinoyatni tan olgani va pushaymon bo‘lganiga, yetkizilgan moddiy zararni qoplagani va boshqa jinoyatni og‘irlashtiriuvchi yoki yengillashtiruvchi sabablar borligiga alohida e’tibor qaratiladi.
Shuningdek, jinoyatchining yoshi, sog‘ligi, oilaviy ahvoli, voyaga yetmagan bolalari yoki mehnatga layoqatsiz turmush o‘rtog‘i yoki ota-onasi borligiga ham alohida e’tibor beriladi.
O‘tkazilgan ishlar yuzasidan ishchi guruh a’zolari 2017-yilning 10-noyabrigacha prezident huzuridagi Avf etish komissiyasiga sudlanganlarni amnistiya qilish borasida iltimosnomalarni yuboradi.
Avf etish komissiyasi 20-noyabrga qadar ularni ko‘rib chiqib, taqdim etilgan materiallarga asosan, qonun bilan belgilangan tartibda sudlanganlarni amnistiya qilish borasida taklif kiritadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda Konstitutsiya kuni 8-dekabrda nishonlanadi.