TOShKENT, 29 sen — Sputnik. O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi qator boshqarma va bo‘limlarga tanlov asosida mutaxassislarni ishga taklif qilmoqda. Bu haqda federatsiya saytida e’lon qilindi.
E’longa ko‘ra, yuridik bo‘lim, matbuot xizmati, xalqaro aloqalar, xavfsizlik, kadrlar, marketing, bolalar-o‘smirlar futboli va ommaviy futbolni rivojlantirish, hakamlar va inspektorlar, terma jamoalar, moliya-iqtisod boshqarmalariga mutaxassislar taklif qilinmoqda.
Bundan tashqari, kelishilgan o‘yinlarga qarshi kurashish bo‘linmasi, ilmiy-uslubiy ta’minot bo‘limi hamda xo‘jaliklar xizmatiga ham ishga taklif qilinmoqda.
Shuningdek, buxgalter, kassir, shifokor, psixolog, ish va arxiv yurituvchi, elektrik, santexnik, bug‘ qozonlar mutaxassisi, omborxona mudiri, oshpaz, haydovchi, IT mutaxassis, bog‘bon, farroshlar ham ishga taklif qilingan.
Nomzodlar soha bo‘yicha ma’lumotga ega bo‘lishi, futbol va sport sohasidagi strukturadagi ish tajribasi, futbol va sport sohasidagi meyoriy hujjatlar haqida bilimga ega bo‘lishi, Toshkent shahri va Toshkent viloyatining Zangiota, Qibray va Toshkent tumanlarida doimiy ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi lozim.
O‘FF bilan bir qatorda O‘zbekiston Professional futbol ligasi ham mutaxassislarni ishga qabul qilish bo‘yicha tanlov boshlanganligini e’lon qildi.
O‘zPFLning e’loniga ko‘ra, sport va marketing bo‘limlari hamda matbuot xizmatiga mutaxassislarga ishga qabul qilinadi.
Shuningdek, buxgalter, kassir, yuriskonsult, xalqaro aloqalar bo‘yicha mutaxassis, futbol ishqibozlari bilan ishlash bo‘yicha mutaxassis, kotib/ish yurituvchi, haydovchilar ham ishga taklif qilinadi.
Nomzodlar o‘zi haqidagi ma’lumotnoma (rezume)ni info@the-uff.com elektron pochta manzili yoki +99871 230-90-51 faksga yuborishlari aytilgan.
Komissiya tomonidan saralab olingan nomzodlarga tashkiliy qo‘mita tomonidan xabar beriladi va suhbatga taklif etiladi.
Eslatib o‘tamiz, ilgariroq O‘FF prezidenti Umid Ahmadjonov federatsiyaning 90 foiz xodimi yangilanishi haqida ma’lum qilgandi.