TOShKENT, 28 sen — Sputnik. Bugun Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining Markaziy Osiyo va Rossiya bo‘yicha boshqaruvchi direktori Natalya Xanjenkova boshchiligidagi delegatsiya Toshkent shahriga tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarda bildirilishicha, delegatsiya Oliy Majlis Senati, tashqi ishlar, moliya, iqtisodiyot, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalar vazirliklari, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida uchrashuv va muzokaralar o‘tkazadi.
Delegatsiya, shuningdek, Navoiy shahrida bo‘lib o‘tadigan "Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining kichik va o‘rta biznes subyektlari bilan hamkorlik mexanizmlari" trening-seminarida ishtirok etadi.
Eslatib o‘tamiz, ilgariroq Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Suma Chakrabarti O‘zbekiston prezidentiga maktub yo‘llab, o‘zaro hamkorlikning mustahkamlanishiga umid bildirgandi.