TOShKENT, 23 mar — Sputnik. YeTTB rahbari Suma Chakrabarti Shavkat Mirziyoyevga yo‘llagan maktubida birinchi navbatda o‘zi va hamkasblariga ko‘rsatilgan samimiy hurmat uchun minnatdorlik bildirgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi hukumat portalida xabar berilmoqda.
"O‘zbekiston hukumatining mamlakat va uning xalqi manfaatlariga xizmat qiladigan, imkoniyatlarni yanada kengaytirish va taraqqiyotni ta’minlashga qaratilgan islohotlarni amalga oshirish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz. Sizning rahnamoligingizda ishlab chiqilgan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi YeTTBning ko‘plab ustuvor yo‘nalishlari bilan hamohang.
Strategiyada demokratik jarayonlar va fuqarolik jamiyatini mustahkamlash, iqtisodiyotni erkinlashtirish, ishbilarmonlik muhiti va qonun ustuvorligini takomillashtirish, shuningdek, qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarni yanada rivojlantirish muhimligiga alohida e’tibor qaratilganini ta’kidlamoqchimiz", — deb e’tirof etadi Chakrabarti o‘z maktubida.
U O‘zbekiston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari O.Ramatov bilan imzolagan Anglashuv memorandumida qisqa muddatga mo‘ljallangan hamkorlik aks etganini bildirgan.
"Ayniqsa, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik va bank sektorini qo‘llab-quvvatlash, tezkor samaradorlikka erishish uchun investitsiya muhitini yanada yaxshilash bo‘yicha investitsion, texnik va maslahatlashuv loyihalarimizni qisqa fursatlarda ishga tushirishni sabrsizlik bilan kutamiz", — deb yozadi YeTTB rahbari.
U shu bilan birga, kommunal xizmatlar, infratuzilma, energetika va boshqa sohalarda uzoq muddat tayyorgarlikni talab etadigan loyihalarni ham ishlab chiqilishini ma’lum qilgan.