TOShKENT, 28 sen — Sputnik. Poytaxt huquqni muhofaza qilish organlari jinoyat olami yetakchisi, "Toshkent smotrashiysi" sifatida tanilgan Abbosxon Xo‘jayevni qo‘lga oldi. U ko‘p miqdorda giyohvand modda bilan savdo qilish jinoyati bo‘yicha ayblanmoqda. Bu haqda Toshkent shahar IIBB vakili brifing davomida ma’lum qildi, deb xabar bermoqda nuz.uz.
"Ha, haqiqatan huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan Abbosxon Xo‘jayevni qo‘lga olish chorasi ko‘rilgan. Ayni vaqtda u tomonidan ta’magirlik, shuningdek, ko‘p miqdorda giyohvand modda saqlash va tarqatish holatlari sodir etilgani aniqlandi. Bundan tashqari, uning jinoiy uyushma tuzgani va jinoyat olamida obro‘ qozonishga harakat qilgani haqidagi ma’lumot ham tasdiqlandi. Hozirda uning sheriklari aniqlanmoqda", —dedi Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev.
Xo‘jayevga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi (Giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni ko‘p miqdorda qonunga xilof ravishda sotish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.