TOShKENT, 28 sen — Sputnik. Turkiyadan Toshkentga kelgan o‘zbekistonlik yozuvchi Nurullo Otaxonov unga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida hibsga olingan, deb xabar qildi Sputnik muxbiri.
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, Tergov boshqarmasi boshlig‘i Doniyor Toshxo‘jayevning aytishicha, Otaxonovga nisbatan nisbatan 2017-yil 11-mayda Jinoyat kodeksining 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
"Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha bir qator tergov harakatlari olib borilgan va unga nisbatan sirtdan 159-moddaning 1-qismi, 244-1-moddaning 3-qismi, "g" bandi bilan ayblov e’lon qilingan, ehtiyot tarzida qamoqqa olish chorasi tanlangan va u qidiruvga berilgan", — dedi Toshxo‘jayev.
IIBB boshlig‘i o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, hozirda jinoyat ishi bo‘yicha uning amnistiya qo‘llashni so‘rab, kechirim so‘rab bergan murojaati yoki u respublikaga kelayotgani, ehtiyot chorasini o‘zgartirish haqidagi iltimosi haqida birorta hujjat yo‘q.
"U rasman huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilmagan. Bizda bunday ma’lumot yo‘q. U rasman qidiruvda bo‘lgani uchun Islom Karimov nomidagi xalqaro aeroportga qo‘nishi bilan qo‘lga olingan. Hozirda tergov olib borilmoqda", — dedi Doniyor Toshxo‘jayev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, barcha zarur tergov tadbirlari o‘tkaziladi, agar zarurat tug‘ilsa, qo‘shimcha ekspertiza belgilanadi.
"Agar uning aybi tasdiqlanmasa yoki uning harakatlari amnistiya aktiga tushadigan bo‘lsa, biz, tabiiyki, qonunga muvofiq qaror qabul qilamiz", dedi Toshxo‘jayev.
Nurullo Otaxonov Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanidagi Oyimcha Qaqir qishlog‘ida tug‘ilgan. Toshkent Davlat universitetining o‘zbek filologiyasi bo‘limini tamomlagan.
"Yo‘l boshida" "Dunyo keng", "Shu yerlik kishi" kabi qissa va hikoyalar to‘plamlari orqali tanilgan.
U 2015-yilda O‘zbekistondan Turkiyaga chiqib ketgandi.