Albatta, bu hazil, lekin itlarga munosabatimiz kishini hayratga solar darajada o‘zgarganga o‘xshaydi. Lekin u bir kunda yuz bergan emas, balki, o‘nlab yillar davomida yuz bergan evrilishdir.
Bugun katta bo‘lib, itlarga munosabatimiz o‘zgardi… Ularning aynan shu xislati — itoatkorligi tufayli ulardan nafratlanamiz, ularni otib o‘ldirishni istaymiz. Bu bilan balki biz itlardan emas, ular bilan bog‘liq, endi ulg‘ayib uyalib qolgan tuyg‘ularimizdan qutilmoqchidirmiz?
Shu to‘g‘rimikin?
Bugun shahar ko‘chalarida to‘dalashib, sayr qilib yurgan itlar ko‘payib borayotgan ekan, bu jamiyatning, odamlarning diydasi qotib borayotgani, mas’uliyatsizlik ommaviy tus olayotganidan darak beradi.
Bir chorasi ko‘rilmasa bu epidemiya holatiga olib kelishi mumkindir, biroq itlarni yoppasiga qirish ham maqul ish emas. Ular kalamushlar emas axir. O‘z-o‘zidan ko‘payib ketmagan. Ularni biz ko‘paytirganmiz… Hatto ayrimlarini atay yaratganmiz ham.
Bolalikdan uzoqlashdik va bolalarimizni tishlaydi deb, aynan bolalarimizning ko‘nglini daqqilashishiga sabab bo‘lmoqdamiz. Ha, qachonlardir, bolaligimizda kattalar qutirish haqidagi vahimali gaplar bilan bizning ham itlarimizni o‘ldirishgan, murg‘ak kuchukvachchalarni tiriklayin ko‘mishgan. Va biz, bugun ulg‘aygan o‘sha bolalar o‘z farzandlarimiz ko‘z o‘ngida yana o‘sha ishlarni, o‘sha paytdagi alamlarimizni unutgancha, takrorlamoqdamiz.
Nahotki shundan o‘zga chorasi bo‘lmasa? Nahotki itlarni boqishning tartib-qoidasini ishlab chiqolmasak va qonunchilik darajasida belgilab qo‘yolmasak? Har bir it egasining to‘liq javobgarligini belgilash shunchalar og‘irmi? Inson o‘z mas’uliyatini o‘zi his etmasa, buni davlatning majburlash tizimi orqal amalga oshirish mumkin-ku! Axir itlar deyarli faqat inson jamiyatidagina ko‘payadi. Demak, otmay turib ham ularning sonini nazorat qilish imkoni bor.
Mashhur insonlardan iqtiboslar keltirishni yoqtirmayman-ku shu o‘rinda Stefan Sveygning bir mashhur iborasini keltirmasdan o‘tolmayman: o‘zimiz o‘rgatib qo‘ygan insonlarimiz uchun mas’ulmiz, deydi u.
Bu o‘rinda gap insonlar haqida ketapti, lekin itlar oldiga ham mas’ullikni his etishimiz lozim. Ayniqsa bolalarga buni uqtirsak yomon bo‘lmasdi. Buning o‘rniga biz ularni otishni muhokama qilmoqdamiz.
Insoniyatning eng qadimiy va asosiy do‘sti — itlarning yaxshiyam xotirasi juda past. Butun tarix davomida biz ularni ayovsiz qirganmiz, xo‘rlaganmiz, ular esa insoniyatga sadoqat bilan xizmat qilaveradi. Aynan shu sababli bo‘lsa kerak, itlarning anchayin aqlli qarindoshlari — bo‘rilar hech qachon bizga do‘st bo‘lmaydi. Shu paytgacha buning uchun bo‘rilarni ayblab keldik. Buni ularning yovuzligiga yo‘ydik. Biroq hamma ayb o‘zimizda. Biz haqiqiy do‘stlikni qadrlolmaymiz, chamasi.
Bugun, boshqa choralar ko‘rish uchun barcha imkoniyatlar yetarli bo‘lgan bir paytda ham itlarni qirishni muhokama qilayotganimizdan ko‘rinadiki, ushbu oddiy haqiqat o‘z isbotini yana bir bor topib turibdi.