TOShKENT, 25 sen — Sputnik. Maxsus tashkil etilgan otradlarning 11 nafar mutaxassisi Toshkent shahrida daydi itlarni ushlash uchun tunu-kun reydlar o‘tkazish bilan shug‘ullanadi. Poytaxt hokimi Rahmonbek Usmonovning bu haqdagi qarori shanba kuni shahar ma’muriyatida o‘tkazilgan brifing chog‘ida ma’lum qilindi.
Brifingda aytilgan ma’lumotlarga ko‘ra, yil boshidan buyon 3527 fuqaro daydi va xonaki hayvonlar hamlasidan jabr ko‘rgan, shulardan 1633 nafari daydi itlar tomonidan tishlab olingan.
Quturish xavfi mavjud jonivorlar otib tashlanishi haqida xabar topgan zoohimoyachilar shoshilinch kengash chaqirdilar. Bu haqda Mehr va Oqibat jonivorlarni himoya qilish tashkilotining Feysbukdagi sahifasida xabar qilindi.
Mehr va Oqibat shahar hukumatini daydi itlar masalasini insoniylik nuqtayi nazaridan hal etishga chorlamoqda, deb xabar qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
"Hukumat inson mas’uliyatsizligi oqibatlariga qarshi kurashmoqda (jonivorlar ko‘chaga qanday qilib tushib qolganini esga olaylik). Hayvonlarni yo‘q qilish — zoohimoyachilar bilan bu masalani muhokama qilish, dunyo amaliyotini o‘rganish, daydi jonivorlar masalasi allaqachon hal etilgan rivojlangan davlatlar tajribasiga murojaat qilish, avval shaharda, so‘ngra butun mamlakat miqyosida qandaydir ijobiy ishni amalga oshirishga urinishdan ko‘ra osonroq", — deyiladi jamiyat murojaatida.
"Biz nima uchun hayvonlarni jazolamoqchimiz? Ularni aybi nimada? Nahot, shu jonivorlar, egalari ko‘chib ketayotib yoki allergiya yoxud shunchaki bezor bo‘lganidan ularni tashlab ketgani uchun aybdor sanalsa? Yoki ayb aslida odamlar ularni sterilizatsiya qilishni xohlamay, keyinchalik keraksiz nasllarini ko‘chaga uloqtirayotganidami ularni aybi? Biz bolalarimizni nimaga o‘rgatapmiz? Biz ularga qanday o‘rnak bo‘layapmiz? Keyin esa qulochimizni keng yozib, nega bolalarimiz bu qadar shafqatsiz deya lol qolib o‘tiramiz", — deb ta’kidlangan zoohimoyachilar bayonotida.
Zoohimoyachilar daydi jonivorlar masalasini hal qilish uchun aholi va jamoatchilik tashkilotlarini birlashishga chorlamoqda.
Mehr va Oqibat bu masalani hal etish uchun bir necha variant yechimlarni taklif etgan.
Jamiyat daydi itlarni ushlash xizmatini — daydi itlarni qutqarish xizmatiga aylantirishni, shuningdek, moliyalashtirishni jalb qilgan holda hayvonlar uchun boshpana vazifasini o‘taydigan infratuzilmani tashkil qilib, u yerga hayvonlarni sevadigan odamlardan iborat ko‘ngilli hayvon-boquvchilarni jalb qilishni taklif qilmoqda.