TOShKENT, 27 sen — Sputnik. Joriy yilning 21-27-sentabr kunlari Qirg‘izistonning Botken shahrida O‘zbekiston-Qirg‘iziston Davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalari bo‘yicha ikki davlat Hukumatlari delegatsiyalari ishchi guruhlarining navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi O‘zbekiston TIV matbuot-xizmati.
Eslatib o‘tamiz, 5-6 sentabr kunlari O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga uyushtirgan davlat tashrifi davomida Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayev jurnalistlarga murojaat qilib, "bu — tarixiy uchrashuv bo‘ldi" deb aytgan va ikki davlat o‘rtasida chegaraning 85 %i belgilab olingani, 15 %gina kelishilmagan qismi qolganini ma’lum qilgan.
Atambayev, shuningdek, O‘zbekistonga uyushtiradigan safarigacha bo‘lgan muddat ichida barcha chegara punktlari maksimal darajada ochiq bo‘lib, odamlar ular orqali erkin harakatlanishlariga erishamiz", deb umid bildirgan edi.