TOShKENT, 26 sen — Sputnik. O‘zbekiston Xalq banki respublikada chorvachilik sohasini rivojlantirish bo‘yicha ma’lumotlarni e’lon qildi.
Bankning ma’lumot berishicha, Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanidagi "Chortut" fermer xo‘jaligi tomonidan Germaniya davlatidan 4,1 mlrd.so‘m kredit mablag‘lari hisobiga 400 bosh "Golshtin" zotli naslli qoramollari olib kelish bo‘yicha import shartnoma imzolanib, 196 bosh olib kelindi va oktabr oyiga qadar yana 204 bosh naslli qoramol olib kelinadi.
Shuningdek, Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi "Rahmon-Taraqqiyot-omad" chorvachilik-bo‘rdoqichilik korxonasi tomonidan Germaniya va Ukrainadan 1,3 mlrd.so‘m kredit mablag‘lari hisobiga 190 bosh "Golshtin" va "Simmental" zotli naslli qoramollari, Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanidagi "Anor Agro Chorva" fermer xo‘jaligi tomonidan Germaniyadan 1,4 mlrd.so‘m kredit hisobiga sut yo‘nalishidagi 165 bosh "Golshtin" zotli naslli qoramollari hamda Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani "Abdukarim — Nurjan ziyosi" fermer xo‘jaligi tomonidan Germaniyadan 1,5 mlrd.so‘m kredit mablag‘lari hisobiga sut yo‘nalishidagi 150 bosh naslli qoramol olib kelindi.
Shu bilan birga Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanidagi "Yangi Asr" fermer xo‘jaligida 18 mlrd. so‘mlik loyiha asosida xorijdan naslli qoramollar, sut va sut mahsulotlarini qayta ishlab chiqarish uskunalarini sotib olish hamda zamonaviy chorva komleksini barpo etish ishlari olib borilayotgan bo‘lsa, Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi "Istiqlol" xususiy savdo ishlab chiqarish korxonasi 15 mlrd. so‘mlik loyiha asosida xorijdan naslli qoramollar, sut va sut mahsulotlarini qayta ishlab chiqarish uskunalarini sotib olish hamda zamonaviy chorva komleksini barpo etish ishlari olib borilmoqda.
Fransiya, Germaniya, Rossiya va Chexiyadan 3476 bosh echki sotib olish uchun 8,7 mlrd. so‘mlik 8 ta import shartnomasi tuzildi.
Xalq banki ko‘magida barpo etilgan Buxoro viloyatining Buxoro tumanida faoliyat yuritayotgan "Buxoro temir otlari" ma’suliyati cheklangan jamiyati tomonidan 980 mln.so‘m kredit mablag‘i hisobiga 356 bosh "Zaanen" zotli naslli echkilar olib kelindi.
Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanidagi "Baxt imkon rivoj chorvasi" fermer xo‘jaligi tomonidan Germaniyadan sut yo‘nalishi bo‘yicha 292 bosh "Zaanen" zotli naslli echkilar olib kelindi. Bundan tashqari, ushbu fermer xo‘jaligi Avstriya davlati bilan 1,8 mlrd.so‘m kredit mablag‘i hisobiga 1000 boshli "Zaanen" zotli naslli echkilar olib kelish bo‘yicha import shartnomasi imzolanib, shu yilning sentabr oyiga qadar naslli echkilarni to‘liq olib kelish ishlari amalga oshiriladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasining "Panayev Farms" fermer xo‘jaligi ham sut yo‘nalishi bo‘yicha 1,3 mlrd.so‘m kredit mablag‘lari hisobiga 305 boshli "Zaanen" zotli echkilarini olib kelib, echkichilikni rivojlantirish bo‘yicha dadil qadamlarni tashlamoqda.
Joriy yil yakuniga qadar chorvachilik yo‘nalishida 107 mlrd.so‘m kredit mablag‘lari ajratilishi va 8230 bosh naslli qoramollar chet eldan olib kelinishi rejalashtirilgan.